EHSON VA SADAQA -SAVOB OMILI

Ehson va sadaqa – savob omili
“Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni-yu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)!” Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi. (Niso surasi 36 oyat)
Muhtaram jamoat! Shuning uchun mo‘min-musulmonlar Alloh ato qilgan mollaridan ota-onalari, qarindoshlari, qo‘ni-qo‘shnilar hamda faqir va nochorlarga xayri ehson qilishlari talab etiladi. “Ehson” deganda odatda birovga biror ne’matni berish va fazlu karam ko‘rsatish tushuniladi. Lekin “ehson” so‘zi lug‘atda “yaxshilik qilish, ezgulik ko‘rsatish” ma’nolarini ham anglatadi. Qur’onda ehsonning fazilati haqida zikr etish barobarida ehson qiluvchilarga beriladigan savob-mukofotlar, ularga yetadigan manfaatlar ham bayon etiladi.
Haqiqatan, biror kishiga bir narsani ehson qilsangiz yoki unga biror yaxshilik ko‘rsatsangiz, bundan dilingiz ravshan tortadi, ruhiy xotirjamlik yuzaga keladi, o‘zgalarga manfaat yetkazganingizdan xursand bo‘lasiz. Ehson qilingan kishi ham o‘ziga ko‘rsatilgan yaxshilikdan sevinadi, dilida sizga muhabbat paydo bo‘ladi, agar sizga keki bo‘lsa, unutadi. Shu tariqa jamiyatda kishilar o‘rtasida totuvlik, hurmat-ehtirom paydo bo‘ladi, dushmanchiliklar barham topadi, osoyishtalik va farog‘at barqaror bo‘ladi. Eng asosiysi, kimga yaxshilik qilsangiz, Alloh taolo uni o‘zingizga o‘n barobar qilib qaytaradi. Chunki Parvardigorning bunday va’dasi bor: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur). Kimki (bir) yomon (gunoh ish) qilsa, faqat o‘sha (gunoh) miqdorida (bir gunohga yarasha) jazolanur. Ularga nohaqlik qilinmagay” (An’om surasi, 160-oyat).
Qur’oni karimda yaxshilik-ehson qiluvchilarning sifatlari batafsil bayon etilgan. Ular kechalari turib namoz o‘quvchilar, tun oxirida Parvardigorlaridan mag‘firat so‘rovchilar, mol-mulklaridan muhtoj va faqirlarga nasiba ajratuvchi kishilardir. Ehsonning turlari ko‘p: Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga ergashish ham – ehson, birovni kechirish ham – ehson, boshga kelgan musibat va ozorlarga sabr qilish ham –ehson, hatto birovga yaxshi muomala qilish ham – ehson.
(Turli manba\’lardan foydalanib tayyorlandi)