MEN VA U

Men va U,
yoxud o’zbek mentaliteti.
(Hajviya)

Biz ikkovimiz bir-birimizdan batamom farqlimiz.
Masalan, ovqatlanishni olsak,u palovni xush ko’radi, men esa sho’rvani;
U qovunni sevib yeydi, men esa tarvuzni;
U achchiq taomlarni yoqtiradi, men esa shirinliklarni;
U ovqatga ko’p tuz soladi, men esa kamroq;
U sho’x qo’shiqlarni sevib tinglaydi, men esa mahzun ohanglarni.Masalan,u “Andijon Polkasi»ni yaxshi ko’radi, men esa “Munojot»ni;
U qishni – sovuqni yoqtiradi, men esa yozni-issiqni;
U kunduzi uxlashni afzal biladi, men esa kechasini;
Men piyoda yurishni yaxshi ko’raman,u esa mashinada yurishni afzal biladi;
Adabiyotni oladigan bo’lsak, U prozani sevib o’qiydi, men esa poyeziyani;
Hatto yurishmiiz ham mutlaqo boshqacha: masalan, ikkovimiz ko’chaga chiqsak men tez-tez shoshilib yurib ketaman, u esa shoshilmasdan salmoqlab qadam tashlaydi;
Xullas, yuqorida aytganimdek, biz bir-birimizdan mutlaqo farqlimiz…
Bilasizmi, u menga kim bo’ladi? Barakalla, topdingiz: U- mening xotinim va biz qirq yildan buyon birga yashab kelmoqdamiz.
Darvoqe, “Oralaringda biror-bir umumiylik ham bormi?» , deb so’rarsiz. Bor,albatta: biz ikkalamiz ham bolalarimizni sevamiz.

Olim Sharipov.Chikago shahri