Olim Sharipov: 2018-yil yakuni

Chikago Oʻzbek-Amerika Assotsiyatsiyasi Prezidenti Olim Sharipovdan:

Assalomu Alaykum Hurmatli Doʻstlar va Millatdoshlar!

2018 chi yil ham tugab bormoqda. Ushbu xatni yozishdan maqsad, 2018 chi yil mobaynida Chikago Oʻzbek-Amerika Assotsiyatsiyasi (UAAC) tomonidan tashkillashtirilgan tadbirlarni sarhisobini siz azizlar bilan baham koʻrish. 2018 chi yil UAAC faoliyatida juda ham samarali yil boʻldi. Shu yilni oʻzida 20 dan ortiq tadbirlar uyushtirdik. Shularni aksariyatini sizlarga birma-bir sanab oʻtsam.

Shu yilni oʻzida ikkita dala sayli (picnic) oʻtkazdik: Ramazon Hayt bayrami va Mustaqillik bayrami. Jami boʻlib, 800 dan ortiq millatdoshlarimiz va boshqa millat vakillari ushbu dala sayllarimizda qatnashdilar.

Oʻzbek millatini va Oʻzbekistonni Amerikaliklarga tanishtirish maqsadida ikki kun davom etgan Skokie Madaniyat Festivalida oʻzbek chodirini qurdik va oʻzbek madaniyati, sanʼati va tarixini amerikaliklarga koʻrsatdik. 40 ta mamlakat orasida, Oʻzbekistonni bayrogʻi hilpirab turdi va festivalga kelgan 30 mingga yaqin ishtirokchi oʻzbek chodirini koʻrib bahramand boʻldi.

Oʻzbekiston bilan aloqalarni mustahkamlash boʻyicha ham alohida oʻziga hos yil boʻldi. Oʻzbekistondan bir qancha jurnalistlar va olimlar Oʻzbek markazimizga tashrif buyurishdi. Shu bilan birga, UAAC tashkilotimiz Oʻzbekistondagi bolalar orasida insho tanlovini oʻtkazdik. Ushbu tanlovda 90 dan ortiq bolalar bizga insho yoʻllashdi. Goʻliblarimizni aniqladik va taqdirladik. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, UAAC markazi Millatlararo Munosabatlar va Xorijiy Mamlakatlar bilan Doʻstlik Aloqalari Qoʻmitasi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. 

Shu bilan birgalikda, UAAC tomonidan bir qancha oqʼuv seminlari ham tashkillashtirildi. Tashkil qilingan seminarlar quyidagi mavzularni oʻz ichiga oldi: uy maktabi (homeschooling), kiber xavfsizlik (cyber security), IT sohasi boʻyicha ish topish (IT networking) va boshqalar.

Yuqorida sanab oʻtgan tadbirlarimiz qatorida, Oʻzbek maktabi oʻz faoliyatini davom ettirishi ota-onalarni oʻzgacha quvontiradi. Oʻzbek Maktabi faoliyatida ham bir qancha ijobiy rivojlanishlar roʻy berdi. Oʻzbek Maktabidagi oʻquvchilarimiz uchun nafaqat Odobnoma va Oʻzbek tili darslari, balki Quron va Coding (dasturlash) darslari ham bolajonlarimizga taqdim qilinmoqda. Farzandlarimiz oʻzlarini ona/ota tillarini bilishlari, oʻzlarini millatlaridan faxrlanishlari va komil inson boʻlib tarbiya topishlari bu biz uchun oliy pirovard maqsad.

Sizlarni va homiylarimizni davomiy yordamlari va qoʻllab-quvvatlashlari orqali koʻp yutuqlarga erishmoqdamiz. Kelayotgan 2019 chi yilda ham koʻp yutuqlarga erishamiz deb umid qilamiz. Chikago Oʻzbek-Amerika Assotsiyatsiyasi –bu hammamizni tashkilotimiz. AQShda oʻz oʻrnimizni topishda, oilaviy totuv yashashimizda va urf-odatlarimizni saqlashimizda Oʻzbek markazi atrofida yanada qattiqroq jipslashishimizni siz azizlardan iltimos qilardim.

Hurmat va ehtirom bilan,

Olim Sharipov

Chikago Oʻzbek-Amerika Assotsiyatsiyasi Prezidenti