Amerikaga qanday keldik

Buyuk adibimiz Abdulla Oripov “sehrli diyor” deya ta’riflagan Amerikada doimiy yashash, ishlash imkoniyatini beradigan “Green card” lotereyasi natijalari e’lon qilinishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Biz ham bir yil avval aynan shu dastur doirasida kelib, shu yerda hayotimizni davom ettirmoqdamiz. Boshimizdan o’tgan voqealar bilan boshqa biz singar kelganlar ham to’qnash kelishi mumkinligini hisobga olib, tajribalarimiz bilan o’rtoqlashishni ma’qul ko’rdik. 

“Green card” ni qanday yutdik, qanday o’ziga xos sirlari bor?

Xalqimiz orasida “Green card” lotereya deyilgani bilan “maxsus tashkilotlar” tomonidan odamlar yaxshilab o’rganilib saralanadi, ular buni yaxshi kadrlarni o’ziga yig’ib olish uchun joriy qilishgan degan gaplar ham yuradi. Buning rost yoki yolg’onligi haqida bir qat’iy fikr aytish qiyin. Shunisi aniqki, bizga lotereya chiqishi shunchaki tasodif bo’ldi. Hozir ham ayolim bilan, lotereya arizasini to’ldirish uchun bir-birimizni telefonda devorning oq fonida sur’atga olganimizni kulgu bilan eslaymiz. Hech qanday biror firma yoki agentlik xizmatidan foydalanmadik: lotereya arizasini to’ldirishdan to Amerikaga kelgungacha.

    Ko’pchilik so’rashadi: “qaysi agentlik hujjatlaringni tayyorladi? Qayerda o’ynasak yutamiz?” Biror agentlik xizmatidan foydalanish yoki foydalanmaslik har bir shaxsning shaxsiy tanlovi, kimlar uchundir o’zi o’rganib chiqish-hujjatlarni tayyorlash qiyindek tuyulsa, boshqalarga bunday agentliklar qo’l kelishi mumkin. Biladiganimiz shuki, hech qaysi agentlik hech qanday kafolat bermaydi va bunday tashkilotlarning hech qaysi AQSh elchixonasi yoki AQShning Fuqarolik va Immigratsiya xizmati(USCIS) bilan rasmiy aloqaga ega emas. 

    Samarqandliklar ko’p yutadi, Samarqandga borib ariza to’ldirish kerakdir? Fikrimcha, sabab oddiy, Samarqandliklar ko’p ariza topshiradilar, va albatta yutganlar soni ham qolgan hududlarga nisbatan baland bo’lish ehtimolligi yuqori. Lotereyada davlatlar kesimida o’rinlar ajratilgan, davlatlarning ichki hududiy birliklariga ko’ra emas.

Hujjatlarni qanday tayyorlash kerak?

    Hujjatlarni tayyorlash jarayoni uzoq davom etadi va o’rganib ko’rmagan kishiga juda qiyin tuyulishi mumkin. Aslida unday emas, biror firma xizmatidan foydalangandan ko’ra o’zingiz bu ishlarni qilsangiz samaraliroq bo’ladi. Nimaga? 1) jarayonni o’zingiz to’liq o’rganib chiqasiz va haqiqiy holat bo’yicha to’liq tasavvurga ega bo’lasiz. 2) Har doim ham sizda agentlik xodimidan so’rash imkoni bo’lmaydi, qanchalik yoqtirmasak ham har doim “hujjat ishlari” (paperwork) bilan to’qnash kelamiz, bu jarayonni o’zingiz bajarishingiz dadillik beradi. Boshida qiyin kechgani bilan, borgan sari osonlashaveradi.

    Amerikaga kelganimizdan keyin ayolimining “Green card”i 3 oyda ham kelmadi. (maksimum kutish muddati o’tgach ham) Shunda biz Immigratsiya xizmati bilan bog’lanishga, hujjatlarni qayta ko’rib chiqilishiga ariza berdik. Va qisqa muddatda muammomiz hal bo’ldi. Agar biz ham hujjatlarimizni biror agentlik orqali tayyorlatganimizda bu jarayon yangi kelgan yosh oila uchun ancha muammolarni keltirib chiqarar edi. Hattoki qaysi tashkilotga qanday qilib murojaat qilishni ham bilmas edik.

Amerikaga kelgach birinchi nimalar qilish kerak?

Har bir kishida holat boshqacharoq bo’lishi mumkin, ammo umumiy holatda kelingandan so’ng imkon qadar tezroq quyidagi ishlar qilinsa to’g’ri bo’lad:

  • Ijtimoiy muhofazalash ma’muriyati (Social Security Adminstration) dan ijtimoiy himoya raqami (SSN -social security number) olish;
  • Bankda hisob-raqam ochish va oz miqdordagi pulga bo’lsa ham muhofazalangan kredit hisobini ochish;; (kredit tarixni qancha erta boshlasangiz shuncha yaxshi);
  • Haydovchilik guvohnomasi olish;
  • Oddiy bo’lsada, keyingi hayotni rejalashtirish va o’ylashga imkon bo’lishi uchun ishga joylashish;
  • Kutubxonaga a’zo bo’lish (kutubxonalarda bepul internet, qo’llanmalar va boshqa juda ko’p resurslar bor). 

Biz ham xuddi shu ishlarni qildik, faqat kredit hisob ochish haqida o’ylamagan ekanmiz, ancha kech oldik. Avvalroq olganimizda yaxshiroq bo’lar edi.

Qaysi shtatni tanlagan ma’qul yashash uchun? Nimaga biz Chikagoga keldik?

Qaysi shtatni tanlashda hamma uchun mos keladigan umumiy formula yoʻq. Mamlakat katta. Shtatlar koʻp, turli, oʻziga xos. Bir-biridan farqli jihatlari ham, bir-biriga oʻxshash taraflari ham ko’p. AQSHga kelayotgan, kelmoqchi boʻlgan, kelishni reja yoki orzu qilayotgan odamlarda ham sharoit har xil, ijtimoiy maqomi-yu, bilim darajasi turli. Kimdir oilali, kimdir yolgʻiz. Dunyoqarash turfa, hamyon har xil. Kimdir tezroq pul to’plab, qaytgach qirollardek yashamoqchi, kimdir oilasiga yordam bermoqchi, kimdir mahalliy aholiga tezroq yaqinlashib, shu yerda ildiz otmoqchi bo’ladi. Kimlardir ingliz tilini bilmaydi va shu bois o’zbeklar bor hududda  yashagisi keladi. 

Biz hozirda Seattle shahrida -Washington shtatida yashaymiz, ammo dastlab Chikagoga kelganmiz. Chikagoga kelganimizga asosiy sabab – so’rab orttirgan tanishimiz shu yerda yashar edilar. Shuningdek, o’rganganimizda ham bildikki, Chikago AQShdagi 3-yirik shahar bo’lgani bois o’zbeklar ham ancha ekan. Dastlab o’rnashib, yo’lni belgilab olish uchun tanishlar muhim o’rin tutadi. Bizning ham tetapoya qilishimizga Chikago O’zbek -Amerika jamiyati prezidenti Olim aka Sharipov oilasi asosiy sababchi bo’ldilar. Aeroportdan chiqib, to’g’ri ularning uyiga borganmiz, qolgan barcha ishlarni ular bilan maslahatlashib qildik, har bir idoraga birga bordi, har bir O’zbekiston bilan farqni tushuntirib berdi.  Ko’rib turibsizki, dastlabki qadamlarni bosishda tanishlarning o’rni juda muhim. Ayniqsa oilasi bilan kelgan kishi to’liq tavakkal qilib, tanish bo’lmasdan kelishi ancha qiyinchilikka sabab bo’lishi mumkin. 

Xullas, yashash uchun shtat tanlashda dastlab borish, qo’lidan tutish uchun tanishingiz borligiga e’tibor bering. 

Amerikada nima ish qilsa bo’ladi? 

    Amerikadagi o’zbeklar, umuman butun dunyodan kelgan immigrantlar turli sohalarda ishlashadi: taksichilikdan tortib Universistetlarda dard beradigan professorlargacha bor.

    Men O’zbekistonda huquqshunos bo’lib ishlaganman, ma’lumotim ham huquqshunoslik bo’yicha. Dastlab kelganimda maqsadim – Amerikada o’qib, advokat bo’lish edi. Ammo hozir IT sohasida ishlayman. Kasbimni keskin o’zgartirishga quyidagilar sabab bo’ldi: 1) Amerikada advokat bo’lish juda ko’p vaqt va mehnat talab qilishi 2) Yuridik xizmat ko’rsatish ham bozor iqtisodiyotining bir qismi bo’lgani sababli advokat bo’lgandan keyin ham mijozlar topish oson bo’lmasligi 3) IT sohasida bo’lgan qiziqishlarim, O’zbekistonda ham ITga aloqador proyektlarda ishtirok etganligim 4) qisqaroq muddatda doimiy yuksalish imkoniyatini beradigan ishga ega bo’lish istagi. Qolaversa, boshida bir necha marotaba advokatlarga tarjimonlik qilib, mendan ular singari advokat chiqishi uchun juda uzoq muddat ketishini tushunib yetdim, shuningdek, tanishlar, bu yerda tajriba orttirgan insonlar bilan maslahatlashuvlardan keyin It sohasini tanlash qaroriga keldik. 

Nazarimizda, ish tanlashda quyidagi faktorlar hisobga olinishi kerak:

  • Amerikaga kelishdan bosh maqsad (agar bu yerdagi hayotingiz vaqtinchalik, faqat pul ishlab, jamg’arib Vatanga qaytish niyatida bo’lsangiz, erishish uzoq muddat talab qiladigan, ko’p xarajatli kasbga erishishga harakat qilish to’g’ri bo’lmaydi);
  • Salohiyat ( albatta umumiy salohiyatingizni ham hisobga oling, erishishga ko’zingiz yetmaydigan ishga umr sarflab, hayotga bo’lgan qiziqishingizni ham so’ndirib qo’ymang.) Masalan, men ham qanchalik advokat bo’lish chiroyli orzu bo’lmasin erishish uzoq bo’lgani uchun bu niyatdan voz kechdim);
  • Qiziqish (eng yomoni o’zingiz yoqttirmagan ishni qilish bo’lsa kerak 🙂

Amerika kimlar uchun? Kimlar muvaffaqiyatga erishadi? 

    Amerika shunday diyorki, o’z yurtida fan doktori bo’lgan inson bu yerda pitsa tashishi, yoki diplomi ham bo’lmagan odamning katta tashkilotda ishlashi normal-tabiiy holat. O’zbekistondagi kasbingiz AQShda hech qanday ahamiyatga ega bo’lmasligi mumkin. Aksincha, O’zbekistonda e’tiborga ega bo’lmagan oddiy hunaringiz, AQShda tez ish topib, yangi imkoniyatlarga eshik ochishi mumkin. Ammo umumiy xususiyat shundaki, Amerika mehnat qiluvchilarni, o’z ustida izlanadiganlarni ardoqlaydi. “Qiyinchliklarga rozi bo’ladigan, o’z ustida ishlaydigan, qisqa muddatga emas – hayotini Amerikada kechirishni istab kelgan insonlar muvaffaqiyatga ertami-kechmi erishadilar” degan fikrdaman. 

Ingliz tilini bilish shartmi? Ingiz tilini bilmasdan ishlash mumkinmi?

    Agar ingliz tilini bilmasdan, ispan tilini bilsangiz Amerikada yashash va ishlash mumkin. Har bir davlatning o’z asosiy tili bo’lganidek, Amerikada ham hamma uchun umumiy til – ingliz tili. Til bilmasdan ham yashayotganlar oz emas, biroq yuksak niyatlar bilan kelar ekansiz, shu niyatlarga erishish uchun qilinadigan ishlarning dastlabkisi ingliz tilini o’rganish bo’lishi kerak. 

Dastabki xarajatlarga qancha ketadi? Qanday moliyaviy rejalashtirgan ma’qul?

    Biz deyarli moliyaviy qiyinchlikka uchramadik, buning sababini quyidagilarda deb bilaman va sizlarga ham shuni tavsiya qilaman:

– dastlabki kelganda imkon qadar kam xarajat qilish (biror narsa sotib olishdan avval o’ylab ko’ring, shu kerakmi? Agar kerak bo’lsa buning arzon muqobili bormi? Masalan, butun Amerikada keng tarqalgan “ikkilamchi buyumlar do’konlari”da (thrift store) yangisi qimmat turadigan juda ko’p kerakli buyumlarni topaolasiz);

– yangi mashina olmaslik va hashamga berilmaslik (yangi mashinani olish qimmat va olganingiz hamon narxi tushadi, biz ham kelganimizda bahosi $2500 bo’lgan mashina olganmiz, keyin ishlab yangirog’iga almashtirdik);

– topayotganingizdek sarflang (pulni ishlab topish oson bo’lmaydi, shu bois mas’uliyat bilan yondashing.

    Tanishlardan davlat tomonidan beriladigan yordam, ijtimoiy dasturlar haqida ko’p eshitishingiz mumkin. Agar chindan muhtoj bo’lmasangiz, bunday dasturlarga murojaat qilmagan ma’qul. Agar muhtoj bo’lsangiz buning ham yomon tomoni yo’q. 

    Xulosa

    Yuqorida yozilganlar shaxsiy qarashlarimiz, oilaviy orttirgan tajribamiz asosidagi fikrlar xolos. Sizda boshqacha o’ziga xos holatlar ham bo’lishi mumkin.  Qo’shimcha maslahatlar:

  • Kelishdan avval AQShning Fuqarolik va Immigratsiya xizmati(USCIS) tomonidan chop qilingan ”Yangi immigrantlarga” qo’llanmasi bilan yaxshilab tanishib chiqing.
  • Ingliz tilini yaxshi o’rganing;
  • Mashina haydashni bilmasangiz, o’rganib kelsangiz ancha oson bo’ladi;
  • Qiyinchliklarga ma’nan  tayyor bo’ling;
  • Doim tanishlar, jamiyat bilan aloqani saqlab turishga harakat qiling – favqulodda holatda sizdan xabar oladiganlar bo’lishi kerak.

    Aslida butun Amerikaga kelish bilan bog’liq tarjibani bir maqolada jamlash juda qiyin, yuqoridagi maslahatlar qiziq bo’lgan to’lsa Telegram tarmogidagi @sehrlidiyor kanalida shu kabi tajribalarni o’qib borishingiz mumkin.  Shuningdek @Sehrlidiyor_chat_bot orqali savol yuboring, vaqt topib, batafsil ma’lumot tayyorlashga harakat qilaman. 

Khamidulla Ziyoev