Juma o’gitlari – Jumaga tayyorlanish (Olim Sharipov)

Juma namozi va juma kuni odoblari

Bu odoblar o’n beshtadir:
1. Juma namoziga payshanba kuni va juma kechasidan tozalanish, kiyimlarni yuvish va unga kerakli narsalarni tayyorlash bilan hozirlik ko’rish.
2. Juma kunida g’usl qilish – yuvinish. Imom Buxoriy va Muslimning «Sahih» kitoblarida rivoyat etilgan hadislar va boshqa asarlarda kelgan xabarlarga muvofiq yuvinishning eng afzal vaqti – bu juma namoziga borishdan bir oz oldin g’usl etish.
3. Badanini poklab ziynat berish, tirnoqlarini olish, misvok ishlatib tishlarni tozalash, oldin zikr etilgan kir-iflosliklarni badandan ketkazish kabi boshqa tozalik amallarini bajarish, xushbo’yliklar surtish va eng yaxshi kiyimlarni kiyish.
4. Juma namoziga takbir aytib piyoda borish (buning iloji bo’lsa, albatta… – tarj.). Jome masjidiga oxista va viqor bilan yurib borish lozim. Masjiddan tashqariga chiqqunga qadar unda e’tikofda bo’lishni niyat etish.
5. Odamlarning elkasini bosib o’tmaslik, namozxonlar o’rtasida bo’sh joy bo’lsa, shu erdan o’tish.
6. Namoz o’qiyotganlar oldidan aslo kesib o’tmaslik.
7. Birinchi safni talab etish. Agar ma’qul bo’lmasa va e’tiroz eshitsa, oldingi qatorga o’tmaydi. Kechiksa, uzrli bo’ladi.
8. Imom hujrasidan chiqib minbarga yo’llansa, nafl namoz o’qishni va turli zikrlarni to’xtatish hamda muazzinga javob etish bilan mashg’ul bo’lish, so’ngra xutbani eshitish.
9. Juma namozidan keyin ikki yo to’rt yoki olti rakat sunnat namozi o’qish.
10. Asr namozi ado etilgunga qadar masjidda turish. Agar shom namoziga qadar tursa, afzal.
11. Juma kunidagi duolar qabul bo’ladigan muborak soatni huzuri qalb va duoi zikrlar bilan kuzatib borish.
Ulamoyi kiromlar bu soat to’g’risida ixtilof etishadi. Imom Muslimning Abu Musodan rivoyat etgan yakka hadislarida bunday talqin etiladi: «Bu soat imom minbarga kelib o’tirishi bilan namoz nihoyasiga etgunga qadar bo’lgan vaqt o’rtasida bo’ladi». Boshqa bir hadisda quyidagicha rivoyat etilgan: «Bu soat imom xutba aytishi bilan juma namozi tugagunga qadar bo’lgan vaqt orasida topiladi». Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan zikr etilgan hadisi sharifda esa: «Duolar ijobat bo’ladigan bu soat asr namozining oxirgi soatigachadir», deyiladi. Anas ibn Molikning hadislarida quyidagicha naql etiladi: «Bu muborak soatni asr namozi bilan quyosh botgunga qadar bo’lgan vaqt orasidan axtaringlar».
Abu Bakr Asram esa quyidagi fikrni aytganlar: «Bu hadislar ikki mazmundan xoli emas: yo bu hadislarning ba’zisi ba’zisiga qaraganda sahihroq, yo ramazon oyining o’n kunligida qadr kechasi ko’chib yurganidek, bu soat ham o’zgarib turadi».
11. Bu kunda Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishni ziyoda etish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: «Kimki juma kunida menga sakson marta salovot aytsa, Alloh taolo uning sakson yillik gunohlarini (sag’iralarini) avf etur». (Bu zaif hadis bo’lib, uni Daylamiy o’z «Musnad»ida keltirgan.) Agar namozxon xohlasa, namozda Payg’ambar alayhissalom uchun quyidagi duoni zikr etishi mumkin: «Ey Allohim! Muhammadga vasilani, fazilatni, oliy darajani bergin, ul zotni O’zing va’da etgan chiroyli maqomga yuborgil! Ey Allohim! Payg’ambarimizni bizning nomimizdan o’ziga munosib ajr-azim bilan sarafroz et!»
Bunga istig’for aytishni ham qo’shish mumkin, zero bu kunda istig’for aytish mustahabdir.
13. Shu kuni Kahf surasini o’qish. Hazrat Oisha roziyallohu anhodan rivoyat etilgan hadisi sharifda rivoyat etilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: «Ulug’ligi o
smon va erni to’ldirgan va uni yozib turuvchi kotibiga ham shunday ulug’ ajr beriladigan sura haqida so’zlab beraymi? Bu surani kimki juma kunida o’qisa, juma bilan boshqa ikkinchi juma va ziyoda yana uch kun mobaynida qilgan gunohi sag’iralari kechiriladi. Qaysi bir kishi uyquga yotishdan oldin bu sura oxiridagi besh oyatni tilovat etsa, Alloh taolo kechaning qaysi vaqtini xohlasa, uni o’sha soatda uyg’otadi». Ashoblar: «Oriy, ayting», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U Kahf surasidir», deb javob berdilar. (Imom Shavkoniy o’zlarining «Al-favoid al-Mashmu» kitoblarida bu soxta hadis, deb zikr etganlar.) Yana boshqa bir hadisda bunday deyilgan: «Juma kunida yoki juma kechasida kimda-kim Kahf surasini tilovat etsa, fitnadan omonda bo’ladi». Bu hadis muqaddam zikr etilgan hadisdan kifoya etadi (ya’ni, bu hadis oldingi hadisning o’rnini to’ldiradi). Juma kunida Qur’oni karimni ko’p o’qish mustahab. Qodir bo’lsa, Qur’oni karimni juma kunida yoki juma kechasida xatm etish kerak.
14. Imkon boricha juma kuni xayr-ehson va sadaqotlar berish. Sadaqa-ehsonni masjid tashqarisida taqdim etish kerak. Juma kunida «Tasbeh» namozini ado etish mustahab. (Hofiz Abul Hasan al-Maqdasiy va boshqalar bu haqdagi hadisni sahihga hukm etishgan.)
15. Juma kunini oxirat amallariga xos etish mustahab. O’zini dunyoning barcha mashg’ulotlaridan qaytarib (to’xtatib) chetga olish yaxshi.

Manba: islom.uz

Editorial Team

Editorial Team

Share this article

Share on facebook
Share on twitter
Share on odnoklassniki