Juma o’gitlari- OILA MUSTAHKAMLIGI HAQIDA – Olim Sharipov

OILA MUSTAHKAMLIGI HAQIDA

JUMA O’GITLAR- OILA MUSTAHKAMLIGI HAQIDA

Nina bilan qurilgan qasr

Ko‘pincha ko‘chada ketayotgan nikoh mashinalarini ko‘rib, beixtiyor «Iloho, yangi turmush qurayotgan kelin-kuyov baxtli bo‘lishsin», deb duoga qo‘l ochasiz. Lekin ana shu kelin-kuyovlarning hammasi ham umrlari davomida oila nomli oshyonlarini avaylab asray olishmaydi. Bo‘lar-bo‘lmas gap-so‘zlar, arzimas bahonalar bilan shirin turmushlarini og‘uga aylantirishadi. Bir-birlarini tushunmaslikdan, murosa ilmini bilmaslikdan ikki sevishgan qalb g‘animga aylanadi. Qancha oilalar buzilib, kishilar aziyat chekadi, bolalar yetim bo‘ladi, asablar qaqshaydi. Ajrashishmagan taqdirda ham butun umrlari g‘urbat, g‘am va iztiobga to‘liq o‘tadi.
Mana, aytaylik, bitta oila buzilib ketdi. Agar kuyov birinchi kunlardanoq xotinini taltaytirib yubormay, turmush sinoatlariga tayyorlab borganida, hayot faqat o‘yin-kulgi va ko‘ngilxushliklardan iborat emasligini unga tushuntira olganida orada urish-janjallar kelib chiqmagan bo‘lar, ikki yoshning baxti zavol topmas edi. Agar kelinimiz bir gapdan qolganida, uydagilar bilan murosa qilish yo‘llarini axtarganida, yoshi ulug‘ qaynonasini hurmat qilib, xizmatini ayamaganida oila inqirozga uchramas, o‘rtada bola tirik yetim bo‘lmas, er qayta uylanmas edi. Yoki oiladagi kattalar, ayniqsa qaynonalar sal bag‘rikengroq, sabrliroq, adolatliroq bo‘lishganida ishlar bunaqa chappasiga ketmagan bo‘lur edi. Jinday murosasizlikning bahosi ana shunday qimmat bo‘ladi.
Oilaviy hayotga tayyor bo‘lmagan yigitlarimiz ko‘pincha oila nafaqasi borasidagi majburiyatlarini unutib qo‘yishadi yoki xotinlariga muhabbatlari «jo‘sh urib» uning xurmacha qiliqlariga erk berib yuborishadi. Uylarida erka, tantiq, ishyoqmas bo‘lib o‘sgan qizlarimiz esa kelin bo‘lgan joylarida darrov «fosh» bo‘lib qolishadi. O‘z kamchilik-nuqsonlarini tugatish, bilmaganlarini o‘rganish, oiladagi ikki-uch kishining ko‘nglini olish o‘rniga darrov «huquqlarini» talab qilishga, «hukmronliklarini o‘rnatishga», bo‘lar-bo‘lmasga mojaro-janjal chiqarishga harakat qilishadi. Bilishmaydiki, turmushga chiqishning o‘zi baxtlilik, farovonlik asosi emas. Baxt katta mashaqqat, sabot, qanoat, fidoyilik bilan qo‘lga kiritiladi.

Yoki ko‘pincha oilada ota-ona va farzandlar, oilaning boshqa a’zolari orasida ham turli kelishmovchilik, bir-birini tushunmaslik kabi holatlar uchrab turadi. Arzimagan sabab-bahonalar bilan tinch xonadonlar urish-janjallar, jang va mojarolar maskaniga aylanadi. Bir-biriga yaqin, qadrdon, qarindosh odamlar o‘rtasida mehr-oqibat ko‘tariladi, ular yovga aylanishadi. Ularning kasriga insoniylik, axloq, odob qoidalari poymol qilinib, jamiyatning osoyishtaligiga putur yetadi.
Xalqimiz «Oila qurish – nina bilan qasr barpo qilishga teng», deydi. Darhaqiqat, oilaning, turmushning, ro‘zg‘orning ming bir mashaqqati, sinovi bor. Ko‘pincha oilaviy munosabatlar haqida so‘z borar ekan, uni inqirozga olib boruvchi omil va sabablarni har kim o‘zicha har xil sharhlaydi. Kimdir oiladan tinchlik va xotirjamlikning ketishida butun aybni erning lapashangligiga, xotiniga so‘zini o‘tkaza olmayotganiga to‘nkaydi. Kimdir xotinning «o‘tkirligi, makkorligi, itoatsizligi»ni hamma ixtilof va kelishmovchiliklar sababchisi, deb hisoblaydi. Boshqalar oilaviy kelishmovchiliklar ko‘proq «zolim» qaynonalarning «yovuzligi», yoki «gapuqmas» kelinlarning «qaysarligi» tufayli sodir bo‘ladi, deb hisoblashadi. Ayrimlar asosiy janjal moddiy yetishmovchiliklardan, qo‘l kaltaligidan kelib chiqadi, deb o‘ylaydi. Kimlardir bola tarbiyasiga e’tiborsizlik qilgani tufayli u ulg‘ayganida endi buning azobini tortayotganidan zorlanadi. Aslida bunga kim yoki nima aybdor?
Bu g‘avg‘oyu mashmashalarda murosayu madora yo‘lini tutolmagan, axloq-odob ko‘rsatmalarini tan olmaydigan har bir kishi aybdor bo‘lsa kerak! Er xotinini yo‘lga sololmasa, xotin esa erga itoat qilishni unutib qo‘ysa, bunday oilalarda hech qachon totuvlik, ahillik bo‘lmaydi, hammaning orom-farog‘ati ketadi.
Qaynona «Men kattaman, kechirimli bo‘lay, yosh, g‘o‘r kelinni yaxshi gapirib yo‘lga solay!» demasa, kelin bola «Qaynonam oilaning bekasi, kattasi, sevgan erimning oq sut bergan, tarbiyalagan onasi bo‘lsa, nega uni hurmat qilmayin, nega xizmatidan bo‘yin tovlayin?!» demasa – ikki o‘rtada mojaro chiqaveradi.

Yaqinlar, jamoatchilik bu hangomalarga tomoshabin bo‘lib turaversa, adolat qilmasa, mojaro katta janjalga, qo‘ydi-chiqdilarga, shirin turmushlarning kushandasiga aylanaveradi. Ota-onaning o‘zlari tarbiyaga muhtoj bo‘lishsa-da, farzandimiz tarbiyasiz, axloqsiz chiqib qoldi, deya iztirob chekishlari hech qanday risolaga tushmaydi.
Shayx Muhammad Abu Zahra oilani uch qismga bo‘ladi: birinchi qism – er-xotin, ikkinchi qism – farzandlar, uchinchisi esa – yaqin qarindoshlar (ya’ni, ota-ona, aka-uka, opa-singil va boshqalar)dir. Ana shu uch qism ahil-totuv bo‘lgandagina oila tinch-osoyishta va fayzli bo‘ladi, aks holda urish-janjaldan boshi chiqmaydi. Atoqli mutafakkir olima Olimat ul-Banot: «Oilaviy masalada er bilan xotin o‘rtasida totuvlik va maslahatlashib ish tutish bo‘lmasa, bunday oila azob va mashaqqat maskaniga aylanadi», deydi.
To‘y vaqtida va oilaviy hayotning avvalida kelin-kuyovga turli maslahatgo‘ylar, «g‘amxo‘r»lar ko‘payib ketadi. Umr yo‘ldoshini «gah, desa, qo‘liga qo‘nadigan qilib olish» haqida maslahatlar berishadi. Vaholanki, ularning o‘zi tajribasiz, maslahatga muhtoj, fikri tor, johil kishilardir. Ularning «xashaki» yo‘l-yo‘riqlari oilaga foyda keltirish o‘rniga uning totuvligi va farog‘atiga rahna soladi.
Ahillik, totuvlik, baxt haqidagi tushunchalarimiz ham buzilib ketgan. Yaqinda oliy o‘quv dargohlaridan birining talaba qizlari o‘rtasida «Siz qanday yigitga turmushga chiqishni xohlardingiz?» degan savol bilan so‘rov o‘tkazishibdi. Berilgan javoblarda ular bo‘lajak erlarining bo‘yi uzun, qomati kelishgan, oqmag‘izdan kelgan, kinoartistlarga o‘xshagan, sevadigan, mard, baquvvat, puldor kabi fazilatlarga ega bo‘lishini istashgan. Ammo javoblar orasida «Erim aqlli, esli-hushli, odobli, diyonatli, oilaga vafodor, ota-onasiga mehribon bo‘lsin», degan gaplarni deyarli uchratmaysiz.
To‘g‘ri, insonning tashqi qiyofasi, chehrasi ham muhim narsa. Ammo uning ichki dunyosi, sizga atalgan his-tuyg‘ularining ahamiyati yo‘qmi? Uning oilaga muhabbati, siz va qaynonangiz o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashdagi iqtidori shart emasmi? Erini faqat tashqi ko‘rinishiga qarab tanlagan qizlarimiz ertaga tom ma’noda baxtli bo‘la olisharmikan?Qo‘lingizdagi kitobchada er-xotin, qaynona-kelin, oila atalmish jamiyatning boshqa a’zolari o‘rtasidagi munosabatlarni to‘g‘ri izga solish, ular o‘rtasida ahillik, totuvlik, mehr-oqibat va muhabbat rishtalarini mustahkamlash haqida so‘z yuritiladi. Agar u qaysidir oilada sodir bo‘layotgan urish-janjallar, kelishmovchilik-ixtiloflar oldini olishda, kishilar o‘rtasida chin insoniy munosabatlarni shakllantirishda yordam bersa, murod hosil bo‘lur edi.

Editorial Team

Editorial Team

Share this article

Share on facebook
Share on twitter
Share on odnoklassniki