Mening Prezidentga aytolgan va aytolmagan gaplarim…

Men Prezident Mirziyoev  bilan uchrashuvga taklif qilingan 18 kishidan bittasi edim. Amerikada yashayotgan o’zbek jamoasi vakillaridan faqat men edim. Boshqalar, asosan olimlar va Garvard universiteti talabali edilar.

Prezident  kutilgan vaqtda yetib keldilar va har birimiz bilan qo’l berib ko’rishib chiqdilar.

Janob Mirziyoev o’rta bo’yli, istarasi issiq kishi ekanlar. U kishi O’zbekistonda bo’layotgan o’zgarishlar, olib borilayotgan ishlar haqida gapirib berdilar. So’ngra ilm-fan sohasida Amerikada ishlayotgan bir nechta olimlar bilan fikr almashdilar. Olimlarimiz “mamlakatda bo’layotgan ijobiy o’zgarishlardan mamnun ekanliklarini aytdilar va o’zlarining konkret takliflarini ham berdilar, xususan:

  1. Ilm-fanni o’z-o’zini boshqarishga o’tkazilishini;
  2. Ilm-fanni rivojlantirishda chet ellarda yashayotgan o’zbek olimlari tajribasidan foydalanish (Turkiya misolida) maqsadga muvofiq ekanligi aytildi.

Prezident “to’g’ri aytasizlar, sizlar bizdan ancha oldin ketgansizlar, men shuning uchun ham sizlar bilan uchrashishni lozim topdim. Kelinglar, ishni Amerikalik o’zbek olimlaridan boshlaylik, keyin bu tajribani boshqa mamlakatlar olimlari bilan davom ettiramiz. Vatan uchun kim nima qila oladi?” dedilar. Olimlarimiz agar sharoit yaratib berilsa Vatan uchun xizmat qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Suhbat yaxshi ketayotgan edi. Shunda mas’ullardan biri prezident qulog’iga bir narsalar deb ketdi. Shundan so’ng prezident vaqt oz qolganligini, boshqa yig’ilishda uni kutib turishganlarini aytib uzr so’radi. Kimni qanday savoli bo’lsa tezroq aytishi mumkinligini aytdi.

Men ham shoshilinchda ikkita taklifimni ayta  oldim, xolos. Bular quyidagilar edi:

  1. Bizning O’zbek maktabimiz uchun o’quv qo’llanmalari yuborilsa;
  2. O’zbek bolalarining gruppa bo’lib O’zbekistonda dam olib kelishlari uchun sharoit yaratilsa.

Janob Prezident yuqoridagi takliflarning ijrosi uchun tegishli odamlarga  ko’rsatma berdilar.

Vaqt juda oz edi.

Sirasini aytganda  vatanimiz manfaati uchun mening Prezidentga aytadigan bir qancha takliflarim bor bo’lib, bular quyidagilar edi;

  1. O’qituvchini obro’sini ko’tarish bo’yicha maxsus qaror qabul qilinsa;

( Maktab va Oliy o’quv yurtlarida bilim juda pasayib ketgan, odamlar kitob o’qimay qo’yishgan, xususan O’zbek tilimiz kundan kunga g’ariblashayapdi. Xalq orasida o’qituvchilar o’bro’si rosa past)

  1. Chet ellarda yashayotgan o’zbek jamoalariga ilm-fan, adabiyot va din vakillar yuborilib turilsa bolalarimizni milliylik ruhida tarbiyalashga ancha foydasi bo’lar edi.

(Kamina yaqinda Haj ziyoratida bo’lganimda turli mamlakatlardan kelishgan turk hojilarini ko’rib suhbatlashdim. Ular Avstraliya. Kanada, Amerika, Norvegiya, Shvetsya va Evropaning turli mamlakatlaridan kelgan ekanlar. Aytishlaricha 10 millondan ortiq turklar mamlakatdan tashqarida yashar ekanlar. Turkiya hukumati o’z fuqarolari uchun Qur’on qorilari-imomlar yuborgan ekan. Maschidlarning ham ma’lum bir qism xarajatini Turkiya davlati to’lar ekan. Imomlar yil- 12 oy o’sha joylarda xizmat qilishar ekanlar.

Bu ishlar turklarning bir xil g’oyalarda ushlab turishga,  yoshlarning turli oqimlarga kirib ketishlarini oldini olishga yordam berar ekan. )

  1. Biz, chet ellarda muqim yashayotgan millatdoshlar uchun O’zbekistonga borib-kelish hujjatlari osonlashtirilsa.

(Ikki fuqarolik qonuni qabul qilinsa , Turkiya kabi yoki Green Card berilsa Hindiston singari)

 

Men mana shularni aytmoqchi edim, vaqt tig’iz bo’lgani uchun aytolmadim. Har holda Janob Mirziyaevning biz bilan uchrashganlari biz-chet ellik vatandoshlar bilan muloqotlar doirasida ezgulik sari qo’yilgan dastlabgi qadam deb hisoblayman.

Va men bu uchrashuvdan katta umidlar bilan qaytdim.

 

Olim Sharipov,

Chikagodagi O’zbek-Amerika Assotsiyatsiyasi Prezidenti

23 Sentyabr, 2017 yil

Ilova: Ha darvoqe uchrashuvdan qaytar ekanman elchixona xodimlari qo’ng’roq qilib qolishdi. Prezidentimiz olib kelgan maxsus chizilgan Samarqand, Registon suratini bizning Chikago O’zbek-Amerika Jamiyati madaniyat markazimiz uchun munosib ko’rishibdi. Yana bir bor tashakkur deymiz, prezidentimizga.

 

Editorial Team

Editorial Team

Share this article

Share on facebook
Share on twitter
Share on odnoklassniki